
Manba: Unsplash
Surunkali kasalliklarga chalingan odamlar bogʻdorchilik yordamida xavotir va depressiyani yengishi mumkin. Bu haqda Fudan universiteti va Istvan Sechenyi universiteti olimlarining tadqiqotlaridan maʼlum boʻldi.
— Манба: «Daryo» нашри.
Mutaxassislar jami 4 535 kishi ishtirok etgan 23 ta ilmiy tadqiqot natijalarini tahlil qildi. Xulosalar BMC Public Health jurnalida chop etildi.
Bogʻdorchilik terapiyasiga oʻsimliklar va tuproq bilan muntazam shugʻullanish, xususan ekin ekish, sugʻorish va hosil yigʻish kabilar kiradi. Bunday dasturlar jismoniy faollik, muloqot va tabiat bilan aloqani qoʻllab-quvvatlash usuli hisoblanadi. Buyuk Britaniyada bu kabi mashgʻulotlar bemorlarga ijtimoiy terapiya sifatida tavsiya etilishi mumkin.
Olimlar kamida bitta surunkali kasallik tashxisiga ega katta yoshli odamlar ishtirokidagi tadqiqotlarni oʻrgandi. Ular orasida yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet, semizlik, surunkali ogʻriq, kognitiv buzilishlar va saraton bilan yashayotganlar bor. Ishtirokchilarning oʻrtacha yoshi qariyb 54 yoshni tashkil etgan, ularning uchdan ikki qismi ayollardan iborat boʻlgan.
Tahlil shuni koʻrsatdiki, bogʻdorchilik dasturlarida qatnashgan odamlarda ruhiy salomatlik koʻrsatkichlari oʻrtacha darajada yaxshilangan. Ishtirokchilar xavotir va depressiya alomatlari kamayganini aytishgan. Ayniqsa, keksalar va kognitiv buzilishlardan aziyat chekadigan bemorlar ishtirokidagi ayrim tadqiqotlarda bu natija yaqqol koʻzga tashlangan.
Shu bilan birga, bogʻdorchilikning jismoniy salomatlikka taʼsiri ancha kam boʻlib chiqdi. Mualliflar arterial qon bosimi va kognitiv koʻrsatkichlarda sezilarli oʻzgarishlarni aniqlamadi. Hayot sifati, uyqu va ijtimoiy aloqalardan iborat umumiy salomatlik koʻrsatkichlarida kamroq ijobiy oʻsish qayd etildi.
Shu bilan birga, tadqiqotchilar bogʻdorchilik dasturlarini oʻzaro taqqoslash oson emasligini taʼkidlamoqda, chunki ular davomiyligi, intensivligi va oʻtkazilish shakli boʻyicha bir-birdan farq qilgan. Bundan tashqari, ayrim tadqiqotlarda metodologik kamchiliklar boʻlgan, shuningdek, ishtirokni muddatidan oldin toʻxtatganlar koʻpligi ham natijalarga taʼsir qilgan boʻlishi mumkin.
Mualliflarning fikricha, bogʻdorchilik terapsiyasi samaradorligini baholash uchun yanada sifatli tadqiqotlar zarur. Hozirgacha olingan maʼlumotlar esa bu usul surunkali jismoniy kasalliklarni mustaqil davolashdan koʻra, koʻproq ruhiy farovonlikni qoʻllab-quvvatlashga yordam berishini koʻrsatmoqda.
Avvalroq choy va qahva ichimliklarini oʻta issiq holda ichish qiziloʻngach yoki halqum saratoni xavfini oshirishi aniqlangandi.

