Nafas yo‘llari holatiga shahar havosi, uyqusizlik, xona havosining quruqligi va hatto kundalik odatlar ham ta’sir qiladi. Shifokor bilan birgalikda tomoq qichishishini qanday yengillatish va qaysi hollarda tibbiy yordamga murojaat qilish vaqti kelganini tahlil qilamiz.

 — Манба:  «Daryo» нашри.

Yo‘tal faqat shamollashdan bo‘lmaydi: uni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan 5 ta kutilmagan sabab

Biz odatda yo‘talni beixtiyor shamollash bilan bog‘laymiz. Ammo nafas yo‘llarini ta’sirlantiruvchi yagona omil viruslar emas. Havoning ifloslanishi, tamaki tutuni, uyqu yetishmasligi, xonadagi havoning haddan tashqari quruqligi va hatto ayrim kundalik odatlar ham shilliq qavat holatiga ta’sir qilishi mumkin. Shifokor-pulmonolog bilan birgalikda yo‘tal nima sababdan paydo bo‘lishi, uni har doim ham to‘xtatish kerakmi va ahvolni yengillashtirishga nimalar yordam berishini ko‘rib chiqamiz.

Nima uchun yo‘talamiz?

Yo‘tal kasallik emas. Bu — nafas yo‘llarini shilliq, chang zarrachalari va boshqa ta’sirlovchi omillardan tozalashga yordam beradigan himoya refleksi.

Yo‘tal kurashish kerak bo‘lgan dushman emas. U nafas yo‘llarining muhim himoya mexanizmi bo‘lib, asosiy vazifasi organizmga balg‘am, ta’sirlovchi moddalar va boshqa yot zarrachalardan xalos bo‘lishga yordam berishdan iborat, — deydi Sechenov universiteti bolalar kasalliklari kafedrasi professori, tibbiyot fanlari doktori Pavel Berejanskiy.

Respirator infeksiya vaqtida nafas yo‘llarining shilliq qavati yallig‘lanadi, shilliq miqdori ortadi va asab tolalarining sezuvchanligi kuchayadi. Natijada yo‘tal refleksi tez-tez qo‘zg‘aladi.

Yo‘tal quruq yoki nam, kuchli yoki yengil bo‘lishi mumkin. Uning xarakteri esa ko‘pincha keyingi davolash taktikasini belgilashda muhim ahamiyatga ega.

Shahar havosi ham muhim ahamiyatga ega

Megapolisda yashash nafas olish tizimiga qo‘shimcha yuklama bo‘ladi. Havo bilan birga biz chang, ifloslantiruvchi zarralar va shilliq qavatni qitiqlashi mumkin bo‘lgan boshqa moddalarni ham yutamiz.

Nafas olish tizimi organizm bilan tashqi olam chegarasida joylashgan. Kislorod bilan birga har kuni chang, ifloslik zarralari va ta’sirlovchi omillarni yutamiz. Shu bois o‘pka salomatligi ayni paytda shahar muhitining sifati bilan ham bog‘liqdir, deydi professor.

Smog va ifloslangan havo nafas yo‘llarining tabiiy o‘z-o‘zini tozalash mexanizmini buzishi mumkin. Shu sababli sayr uchun imkon qadar serqatnov yo‘llardan uzoqda joylashgan xiyobonlar, sohil bo‘ylari va ko‘chalarni tanlash ayniqsa foydali.

Uyqu yetishmasligi va quruq havo muammoni yanada kuchaytirishi mumkin

Nafas yo‘llarining holati kun tartibiga ham bog‘liq. Surunkali uyqusizlik organizmning me’yorida tiklanishiga xalaqit beradi, haddan tashqari quruq havo esa shilliq qavatlarni yanada ko‘proq ta’sirlantiradi.

Bu holat, ayniqsa, isitish mavsumi boshlanishi bilan yaqqol seziladi: uy isiydi-yu, lekin havo namligi keskin pasayib ketadi. Agar yo‘tal asosan kechqurun yoki tunda bezovta qilsa, nafaqat shamollash alomatlariga, balki yotoqxonadagi mikroiqlimga ham e’tibor qaratish lozim.

40–60% atrofidagi namlik qulay hisoblanadi. Bunda havo namlagich, xonani muntazam shamollatish va yetarlicha suyuqlik ichish yordam berishi mumkin.

Yo‘tal turi o‘zgarib turishi mumkin

Kasallik paytida yo‘talning xarakteri o‘zgarishi mumkin. Masalan, burun bitganda kishi ko‘proq og‘iz orqali nafas ola boshlaydi, shilliq qavat quriydi va quruq yo‘tal paydo bo‘ladi. Shu bilan birga, shilimshiq modda halqumning orqa devori bo‘ylab oqib tushib, endi nam yo‘talni qo‘zg‘atishi mumkin.

Qiyin ko‘chadigan, yopishqoq balg‘amli nam yo‘talda davolash usullaridan biri sifatida o‘simlik asosidagi balg‘am ko‘chiruvchi vositalar, jumladan, dorivor gulxayri (altey) va nashtarsimon termopsisga asoslangan preparatlar qo‘llanishi mumkin. Biroq vositani tanlash yo‘talning sababi va xarakteriga, bemorning yoshiga hamda qarshi ko‘rsatmalarga bog‘liq, shu bois preparat yo‘riqnomasi va shifokor tavsiyalariga tayanish lozim.

Uyda nima qilish mumkin?

Qo‘shimcha parvarish choralari oddiydek tuyulsa-da, aynan ular nafas yo‘llaridagi qitiqlanishni kamaytirishga ko‘pincha yaxshi yordam beradi.

Yetarlicha suyuqlik iching. Iliq suv, choy shilliq qavatlarning me’yordagi namligini saqlashga yordam beradi hamda balg‘amning qovushqoqligini kamaytiradi.

Havoning namlik darajasini nazorat qilib boring. Buning uchun eng qulay ko‘rsatkich — 40–60% atrofida. Agar havo namlagichdan foydalansangiz, uning suv idishini muntazam tozalab turish muhim.

Xonalarni kuniga kamida ikki marta 10–15 daqiqadan shamollating.

Burun bitganda tuzli eritmadan foydalanish mumkin: u shilliq qavatni namlaydi va burun-halqum oqmasida holatni yengillatishi mumkin.

Ahvolingiz yaxshi bo‘lsa, kuniga kamida yarim soat sayr qiling va iloji boricha katta yo‘llardan uzoqroq joylarni tanlang.

Nimalar qilish tavsiya etilmaydi?

Eng ko‘p uchraydigan xatolardan biri — mustaqil ravishda nam yo‘talni to‘xtatishga urinishdir. Agar balg‘am hosil bo‘layotgan bo‘lsa, nafas yo‘llari undan xalos bo‘lishi zarur.

Shu sababli ham shifokor ko‘rsatmasisiz balg‘am ko‘chiruvchi va yo‘talga qarshi preparatlarni bir vaqtda ichmaslik kerak: ular bir-biriga qarama-qarshi ta’sir ko‘rsatadi. Antibiotiklar ham yo‘talga qarshi universal vosita emas va tibbiy ko‘rsatmasiz virusli infeksiyalarda foyda bermaydi.

Qachon shifokorga murojaat qilish kerak?

Agar yo‘tal bilan birga nafas qisishi, hushtaksimon yoki shovqinli nafas olish, ko‘krakda og‘riq yoxud balg‘amda qon paydo bo‘lsa, shifokorga murojaat qilish lozim.

Shuningdek, tana haroratining 38,5 °C dan yuqoriligi uch kundan ortiq saqlanib tursa, yo‘tal ikki-uch hafta davomida sezilarli darajada kamaymasa, ovoz qattiq bo‘g‘ilsa yoki yo‘tal xuruji paytida hushdan ketish holatlari kuzatilsa, albatta shifokor ko‘rigidan o‘tish zarur.

Eng muhimi — yo‘talga har qanday yo‘l bilan yo‘qotish kerak bo‘lgan alomat deb qaramaslikdir. Uning nima sababdan paydo bo‘lgani va aynan qanday xususiyatga ega ekanini aniqlash muhim. Ba’zida ahvolni yaxshilash uchun mikroiqlim va kun tartibini to‘g‘rilash kifoya qilsa, ba’zan yo‘tal mutaxassis maslahati zarurligidan darak beradi.

XG

Muallif

Xilola Giyosova

От qwert.uz