Shamollashga qarshi keng tarqalgan usullarning barchasi ham foydali emas: ayrimlari alomatlarni yengillashtirsa, boshqalari ilmiy dalillar bilan tasdiqlanmagan.
— Манба: «Daryo» нашри.

Shamollaganda C vitamini ichish, asalli sut ichib yotish yoki antibiotik qabul qilish — ko‘pchilik odatiy deb biladigan usullar. Ammo ularning hammasi ham kutilgan natijani bermaydi. Xo‘sh, shamollash haqidagi qaysi qarashlar ilmiy dalillarga asoslangan, qaysilari esa shunchaki keng tarqalgan afsonalar?
Shamollash sovqotish oqibatida yuzaga kelmaydi
“Sovqotish «shamollash»ga sabab bo‘la olmaydi, chunki yuqumli kasallikni aynan infeksiya qo‘zg‘atuvchisi keltirib chiqaradi”, deydi shifokor-infeksionist Andrey Pozdnyakov.
Shamollashni sovuq havo emas, balki viruslar keltirib chiqaradi. Shifokor-infeksionist Andrey Pozdnyakovning ta’kidlashicha, sovqotish organizmning himoya imkoniyatlariga ta’sir qilib, kasallik xavfini oshirishi mumkin. Biroq infeksiyaning asosiy sababi virus hisoblanadi.
C vitamini shamollashning oldini olmaydi
Tadqiqotlarga ko‘ra, C vitaminini muntazam qabul qilish shamollashning oldini olishi isbotlanmagan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, u kasallik davomiyligini biroz qisqartirishi mumkin. Ammo C vitaminini juda katta dozalarda qabul qilish shamollashdan himoya qilmaydi va kasallik alomatlarini sezilarli darajada yengillashtirishi ham isbotlanmagan.
“So‘nggi yillardagi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, shamollash mavsumida har kuni C vitaminini (kuniga 200 mg) qabul qilish kasallik rivojlanishining oldini olishga yordam bermaydi”, deydi Moskva shahri Sog‘liqni saqlash departamenti 2-sonli yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasining klinik farmakologi Svetlana Sharonova.

Shamollash antibiotiklar bilan davolanmaydi
Antibiotiklar bakteriyalarga qarshi ishlaydi, shamollashni esa asosan viruslar keltirib chiqaradi. Shu sababli virusli infeksiyada antibiotiklar foyda bermaydi. Aksincha, ularni shifokor tavsiyasisiz qabul qilish ichak mikroflorasini buzishi va bakteriyalarning dorilarga chidamliligini oshirishi mumkin.
“Virusli infeksiyalarda antibiotiklarning mutlaqo keragi yo‘q. Virusli kasalliklarda antibiotiklar bilan «ehtiyot chorasini ko‘rish» odatimiz esa juda katta xato”, deydi terapevt, tibbiyot fanlari nomzodi, N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti Farmatsiya va tibbiy kimyo instituti farmakologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi Andrey Kondraxin.
Har qanday haroratni tushirish kerak emas
Umumiy holat qoniqarli bo‘lganda, isitma tushiruvchi vositalarni kattalarga faqat tana harorati 38 °C dan, bolalarga esa 38–39 °C dan yuqori bo‘lgandagina qabul qilish tavsiya etiladi, deyiladi tavsiyalarda.
“Tana haroratining ko‘tarilishi organizmning patologik reaksiyasi emas, chunki gipertermiya — tabiiy himoya mexanizmining bir qismi bo‘lib, umumiy harorat ko‘tarilishi bakteriya va viruslarning ko‘payishi uchun noqulay sharoit yaratadi”, deya tushuntiradi Kaminskaya.
Tana haroratining ko‘tarilishi organizmning infeksiyaga qarshi tabiiy himoya reaksiyasidir. Umumiy holat yaxshi bo‘lsa, haroratni darhol tushirish shart emas. Isitma tushiruvchi dorilarni qabul qilishda tana harorati bilan birga bemorning umumiy ahvolini ham hisobga olish kerak. Ayniqsa, bolalarda dori tanlash va dozalashda shifokor tavsiyasiga amal qilish muhim.
Asalli sut shamollashni davolamaydi
Asal tomoqdagi noqulaylikni kamaytirishi va yo‘talni yengillashtirishi mumkin. Biroq asalli sut viruslarni yo‘q qilmaydi va kasallikni tezroq davolashi isbotlanmagan. Demak, bu ichimlik alomatlarni yengillashtirishga yordam berishi mumkin, ammo asosiy davolash vositasi hisoblanmaydi. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarga asal berish mumkin emas.

Isitma bo‘lmasa, ham shamollash yuqumli bo‘lishi mumkin
Respirator infeksiyalar tana harorati ko‘tarilmasdan ham kechishi mumkin. Bemor kasallik alomatlari paydo bo‘lishidan oldin ham virus tarqatishi ehtimoli bor. Yo‘talish, aksirish va burun oqishi virusning boshqalarga yuqish xavfini oshiradi. Shu sababli shamollash alomatlari kuzatilganda niqob taqish, xonani shamollatish va boshqalardan masofa saqlash tavsiya etiladi.
Shamollash kasallik emas, unga bee’tibor bo‘lmang
Shamollash alomatlariga qaramay, odatdagi ishlarni davom ettirish organizmga ortiqcha yuk tushirishi mumkin. Ayniqsa, isitma va kuchli holsizlik kuzatilganda dam olish, jismoniy zo‘riqishni kamaytirish va yetarli suyuqlik ichish muhim. Virusli infeksiyalar ayrim hollarda jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Nafas qisishi, ko‘krak og‘rig‘i yoki ahvolning keskin yomonlashishi kuzatilsa, tibbiy yordamga murojaat qilish kerak.
Sarimsoq shamollashning oldini olmaydi
Sarimsoq tarkibida biologik faol moddalar mavjud, biroq uning shamollash yoki grippning oldini olishi va davolashi yetarlicha ilmiy isbotlanmagan. Shuning uchun sarimsoqni dori vositasi o‘rnida qo‘llash to‘g‘ri emas. Uni odatiy oziq-ovqat sifatida iste’mol qilish mumkin, ammo kasallikni davolash uchun faqat unga tayanib qolmaslik kerak.

Shamollashdan keyin barcha O‘RVIlarga qarshi immunitet hosil bo‘lmaydi
O‘tkir respirator virusli infeksiyalarni (O‘RVI) turli viruslar keltirib chiqaradi. Organizmda shakllanadigan immunitet, odatda, muayyan virusga qarshi yo‘nalgan bo‘ladi. Shu sababli bir marta shamollash boshqa viruslardan himoya qilmaydi. Hatto ayrim viruslar bilan qayta kasallanish ham mumkin.
Kasallik faqatgina shamollagan bemordan yuqmaydi
Viruslar ba’zan kasallik alomatlari paydo bo‘lishidan oldin ham yuqishi mumkin. Shu bois bemorlar bilan muloqotdan butunlay qochish har doim ham imkonli emas. Biroq qo‘llarni muntazam yuvish, xonalarni shamollatish, niqob taqish, yuzga iflos qo‘llar bilan tegmaslik va kasallik alomatlari bor odamlardan masofa saqlash infeksiya yuqish xavfini kamaytiradi.
Maqoladagi ma’lumotlar siz uchun foydali bo‘ldimi?
- Ha, men uchun yangilik bo‘ldi
- Buni avval ham bilardim
Ovoz berish uchun tizimga kiring · 3 ovoz

