Источник: Google Gemini

Monash universiteti Psixologiya fanlari maktabi katta ilmiy xodimi Nikolas Kemel boshchiligidagi olimlar jamoasi bu haqda o‘rganishlar olib borgan.

 — Манба:  «Daryo» нашри.

Kuniga 10 000 qadam yurish shart emas: olimlar umrni uzaytirishning osonroq yo‘lini ma’lum qildi
Hi-tech

Yurish tezligi va qadamlar soni salomatlikka hamda o‘lim xavfiga qanday ta’sir ko‘rsatishi kamdan-kam hollarda birgalikda o‘rganiladi. Monash universiteti Psixologiya fanlari maktabi katta ilmiy xodimi Nikolas Kemel boshchiligidagi olimlar jamoasi ushbu ikki omilning o‘zaro ta’sirini tahlil qildi. Bu haqda “Hi-tech,mail.ru” nashri xabar berdi.

Tadqiqot doirasida olimlar Buyuk Britaniya Biobank ma’lumotlar bazasidan o‘rta yoshdagi 64 000 dan ortiq sog‘lom insonlarning ma’lumotlarini to‘pladi. Ishtirokchilar bir hafta davomida qadamlar soni va yurish sur’atini qayd etuvchi fitnes-bilakuzuklarni taqib yurgan. Mutaxassislar ularning salomatligini sakkiz yil davomida kuzatib borgan.

Natijalarga ko‘ra, barvaqt o‘lim xavfi quyidagi ikki guruhda past ekani ma’lum bo‘lgan:

  • kuniga 5000 tadan kam qadam yurgan, biroq buni tez sur’atda bajarganlar;
  • sekinroq, ammo sezilarli darajada ko‘proq masofani bosib o‘tganlar.

Kuniga daqiqasiga 80 ta qadam bilan 5000 tadan kam qadam yurish, daqiqasiga 60 qadam tezlik bilan 5000−7000 qadam yurish o‘lim xavfini bir xil darajada kamaytirgan. Umuman olganda eng past o‘lim xavfi kuniga 7500 dan 10 000 gacha qadam yurgan odamlarda kuzatildi — ya’ni ideal holda baribir ko‘proq yurgan ma’qul, deb ta’kidlaydi Kemel.

Biroq tadqiqotning ayrim cheklovlari ham bor. Bu kuzatuv ishi bo‘lib, unda jismoniy faollik faqat bir marta o‘lchangan. Shu sababli ma’lum bir sur’at yoki qadamlar soni o‘lim xavfini to‘g‘ridan to‘g‘ri kamaytirishini to‘liq isbotlab bo‘lmaydi. Sog‘lomroq insonlar boshidanoq tez va ko‘proq yurishga qodir bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, tadqiqotda faqat katta yoshlilar qatnashgan, shu sababli xulosalar boshqa yosh guruhlariga nisbatan har doim ham to‘g‘ri kelmasligi mumkin.

Mualliflarning fikricha, tadqiqotning asosiy maqsadi qadamlarning aniq raqamini yoki ideal tezlikni belgilash emas, balki har qanday harakatning salomatlik uchun foydali ekanini aniqlashdan iborat bo‘lgan.

Faol insonlar uchun kuniga 7500−10 000 qadam yurish va bunda 20−30 daqiqa davomida tez yurish tavsiya etiladi. Kam harakat qiladigan insonlarda esa yuklamani asta-sekin oshirib borgan holda kuniga 4000—5000 qadamdan boshlash tavsiya etiladi.

Yurish tezligini oddiy “so‘zlashuv testi” orqali aniqlash mumkin. Agar tez-tez nafas olsangiz-u, lekin hali ham qisqa jumlalarni gapira olsangiz, demak, tezlik to‘g‘ri tanlangan. Shuningdek, yurish jismoniy faollikning yagona shakli bo‘lmasligi kerak. Haftada ikki marta bajariladigan jismoniy mashqlar, to‘yib uxlash va tartibli ovqatlanish salomatlikning muhim tarkibiy qismlar hisoblanadi.

Asila Aliboyeva

muxbir

Asila Aliboyeva

От qwert.uz