Achchiq taomlar ko‘plab sharq xalqlari oshxonasining ajralmas qismi hisoblanadi. Asrlar davomida ziravorlar va qalampir nafaqat taomga o‘tkir ta’m berish, balki sog‘liqni mustahkamlash vositasi sifatida ham qo‘llanib kelgan. Ammo savol tug‘iladi: achchiq ovqatlar faqat ma’lum hudud aholisi uchun foydalimi yoki ular barchaga birdek ta’sir qiladimi?

 — Manba: «Daryo» nashri.

Bu savolga javob topish uchun Dietelle brendi nutritsiologi Kseniya Molchanova tavsiyalariga tayanib, achchiq taomlarning organizmga ta’sirini ko‘rib chiqdik.

Avvalo, chili qalampiri iste’moli yurak-qon tomir kasalliklari, ayrim onkologik xastaliklar va ba’zi nafas yo‘llari kasalliklari bilan bog‘liq o‘lim xavfini kamaytirishi mumkinligi haqida ilmiy kuzatuvlar mavjud. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, muntazam ravishda achchiq taom iste’mol qiladigan odamlarda umumiy o‘lim xavfi pastroq bo‘ladi. Bu holat chili tarkibidagi kapsaitsin moddasi bilan izohlanadi. Kapsaitsin antibakterial va yallig‘lanishga qarshi xususiyatlarga ega.

AQSH Milliy tibbiyot kutubxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, achchiq ovqat kayfiyatni yaxshilashi ham mumkin. Sababi kapsaitsin og‘iz va oshqozondagi retseptorlarni qo‘zg‘atadi. Organizm bu ta’sirni og‘riq signali sifatida qabul qilib, javoban endorfin — tabiiy “baxt gormoni”ni ishlab chiqaradi. Shunda endorfinlar yengillik hissini paydo qiladi. Tadqiqot natijalari muntazam achchiq ovqat iste’mol qiladigan odamlarda endorfin darajasi yuqoriroq bo‘lishini ko‘rsatadi.

Achchiq taomlar fikrlashga yordam beradimi?

Foto: Freepik

Achchiq ovqatning miya faoliyatiga ta’siri hali ham ilmiy muhokamada. Ba’zi mutaxassislar bunday taomlar qisqa muddatga hushyorlikni oshirishi va diqqatni jamlashni yaxshilashi mumkinligini aytadi. Chunki organizm qo‘zg‘algan holatga o‘tadi va qon aylanishi faollashadi. Biroq uzoq muddatli kognitiv ta’sirlar bo‘yicha yetarli ilmiy dalillar hali mavjud emas.

Achchiq mahsulotlar qanchalik foydali bo‘lmasin, ularni me’yorida iste’mol qilish muhim. Ratsionga asta-sekin, kichik miqdorlardan boshlab qo‘shish va organizmning reaksiyasini kuzatish tavsiya etiladi. Har bir insonning ovqat hazm qilish tizimi turlicha ishlaydi, shuning uchun individual yondashuv zarur.

Achchiq ovqat gastritni keltirib chiqarmaydi, degan fikr bor. Ammo oshqozon- ichak tizimida muammosi bor insonlarda u kislota ajralishini kuchaytirishi, oqibatda achishish yoki og‘riq paydo qilishi mumkin. Shu sababli gastrit, oshqozon yarasi yoki oshqozon sezgirligi bo‘lganlar ehtiyotkor bo‘lishlari kerak.

Agar sog‘liq bilan bog‘liq qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmasa, achchiq taomni kundalik ovqatlanish tartibiga kiritish mumkin. Masalan, nonushtada to‘liq donli non ustiga pashot tuxumi, yangi ko‘katlar, avokado va ozgina maydalangan qalampir qo‘shilgan sendvich tayyorlash mumkin. Tushlikda sho‘rva yoki boshqa birinchi taomga biroz ziravor qo‘shish foydali. Kechki ovqatda esa baliq steykini yengil achchiq sous bilan boyitish mumkin.

Xulosa qilib aytganda, achchiq taomlar nafaqat ovqatning ta’mini yanada boy qiladi, balki sog‘liq uchun ham ma’lum ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Eng muhimi me’yorni saqlash, organizm signallariga quloq tutish va muvozanatli ovqatlanish tamoyiliga amal qilishdir.

author info

Sevara Soliyeva

От qwert.uz