
Manba: Oxfor Vaccine Group
Tadqiqotchilar pandemiyalarning oldini olish uchun sun’iy intellektdan (SI) foydalandi. Ular viruslarning katta guruhidan himoya qila oladigan butunlay yangi turdagi vaksinani ishlab chiqdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Kembrij universiteti jamoasining ma’lum qilishicha, tarixda birinchi marta vaksinaning asosiy qismi to‘liq sun’iy intellekt tomonidan loyihalashtirildi va odamlarda sinab ko‘rildi.
Vaksina qanday ishlaydi?
Bu vaksina barcha koronaviruslarga qarshi foydalanish uchun yaratilgan. U koronavirusning barcha turlarini va hayvonlarga yuqadigan viruslarni yo‘q qila oladi. Aynan mana shu hayvonlardagi viruslar kelajakda yangi pandemiyani boshlashi mumkin. Hozircha ishlar boshlang‘ich bosqichda. Lekin jamoa gripp va Ebola virusiga qarshi alohida vaksinalar ustida ham ishlamoqda.
Odatda vaksinalar tanamizga infeksiyani qanday aniqlashni o‘rgatadi. Bu esa organizmning unga qarshi kurashish imkoniyatini oshiradi. Ammo ba’zi viruslar o‘z ko‘rinishini tezda o‘zgartiradi, ya’ni mutatsiyaga uchraydi. Shu sababli vaksinalar tezda eskirib qoladi. COVID va qishki gripp vaksinalarini muntazam yangilab turish kerakligining sababi ham shunda.
“Biz doim viruslardan ortda qolamiz. Bizning maqsadimiz esa vaqtdan o‘zib ketishdir”, dedi Kembrij universiteti professori Jonatan Hini.
Uning qo‘shimcha qilishicha, vaksina yangi epidemiyalar yoki pandemiyalardan himoya qila oladi.
Texnologiya yangiligi
Odatda vaksinalar virusning hozirgi shtammi (turi) asosida yaratiladi. Kembrij tadqiqotchilari esa boshqacha yo‘l tutdi. Ular maxsus dasturlar tomonidan yozib olingan turli koronaviruslarning genetik kodlaridan foydalandi.
Bu genetik kodlar SI tomonidan tahlil qilindi. Keyin SI super-antigen loyihasini yaratdi. Bu antigen immunitet tizimini shunday o‘rgatadiki, tana butun bir viruslar oilasidan himoyalanadi. Virus mutatsiyaga uchrasa yoki hayvonlardan odamlarga o‘tsa ham vaksina ta’sir qiladi. Antigen — vaksinaning eng muhim qismi bo‘lib, immunitet tizimi aynan unga hujum qilishni o‘rganadi.
Professor Hini SI tomonidan yaratilgan antigen birinchi marta odamlarda sinab ko‘rilganini aytdi. Bu texnologiya olimlarni hayratda qoldirmoqda.
“Bu vaksinalar bizni nafaqat bugungi viruslardan, balki kelgusi epidemiyalardan ham himoya qiladi. Bu pandemiyalarga tayyorgarlik ko‘rish uslubimizdagi tub burilishdir”, dedi u BBC News nashriga.
Sinov natijalari va kelajak rejalari
Vaksinaning xavfsizligini tekshirish uchun 39 kishida sinov o‘tkazildi. Taxminan 200 kishi ishtirok etadigan ikkinchi tadqiqot esa vaksinaning immunitet tizimini qanchalik yaxshi o‘rgatayotganini ko‘rsatadi.
Journal of Infection jurnalida chop etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, vaksinaning immunitet tizimiga ta’siri hozircha o‘rtacha darajada. Shunga qaramay, bu yangilik ilm-fanda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Kembrij jamoasi hozirda hayvonlar ustida ham tadqiqotlar olib bormoqda. Ular har yili yangilash talab etilmaydigan umumiy gripp vaksinasini hamda H5N1 (parranda grippi) vaksinasini sinab ko‘rmoqda. Bu qushlar o‘rtasida tarqalayotgan virus odamlar orasidagi pandemiyasiga aylanib ketmasligi uchun amalga oshirilmoqda.
Bundan oldin saraton o‘smalarini butunlay yo‘q qiluvchi inyeksiya yaratilgani haqida ma’lumot berilgandi. 11 ta davlatni qamrab olgan xalqaro sinovlarda inyeksiya saratoni tarqalib ketgan yoki qaytalangan, shuningdek, boshqa davolash usullari foyda bermagan bemorlarga taklif qilingan.
Amivantamab deb nomlangan ushbu ukol bemorlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘ida o‘simtalarni kichraytirgan. Keskin ijobiy o‘zgarishlar bir necha hafta ichida ko‘zga tashlangan. 15 nafar bemorda esa shifokorlar dori vositasi o‘simtalarni butunlay yo‘q qilib yuborganini aniqlangan.
