Источник: Google Gemini

Ushbu kasallik tibbiyot tarixidagi eng g‘alati xastaliklardan biri hisoblanadi. Odamlar o‘ta kuchli charchoq va mudrash istagini his qilgan, biroq shundan so‘ng to‘shakdan qaytib turolmasliklari mumkinligini xayollariga ham keltirishmagan.

 — Манба:  «Daryo» нашри.

Uxlab, qaytib uyg‘onishmagan: bundan 100 yil avval SSSRni qamrab olgan dahshatli virus haqida

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hatto o‘ttiz daqiqalik sifatli dam olish ham kuch-quvvatni tiklashga yordam beradi. Shu sababli organizmni qiynab, oyoqda turolmay qoladigan darajagacha ishlash yaramaydi. Ammo 1920-yillarda odamlar birgina oddiy sabab tufayli uxlashdan qo‘rqishgan: ular qaytib hech qachon uyg‘onmasliklari mumkin edi.

Hammasi Fransiyada boshlangan

1915-yilda Fransiyada shifokorlarni jiddiy xavotirga solgan chinakam g‘alati bir voqea yuz berdi. Verdenlik bir fuqaro uyquga yotib, oradan bir hafta o‘tgachgina uyg‘ondi. 1916 va 1917-yillarning qishida shunga o‘xshash holat Yevropaning boshqa shaharlarida ham takrorlandi. Odamlar chuqur uyquga ketib, qaytib uyg‘onmas edi. G‘alati kasallik AQSH bo‘ylab tarqala boshladi va 1920-yillarda SSSRga ham yetib keldi. Mutaxassislarning baholashicha, aynan o‘sha paytda xastalik o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi.

Sirli uyqu virusi oddiy O‘RVI kabi boshlangan. Chuqur uyquga ketishdan oldin odamlarda kuchli holsizlik va haroratning keskin ko‘tarilishi kuzatilgan. Undan so‘ng esa yo uyqusizlikdan aziyat chekkan, yo bir hafta, hatto undan ham uzoqroq muddatga uxlab qolgan. Birinchi holatda bemorlar quvvatning haddan ziyod oshib ketganidan qiynalgan, bu esa jazavaga olib kelgan. Odatda bemorlar kasallikning 7- yoki 10-kunida vafot etgan. Haftalab yoki oylab uxlab qolganlarning esa omadi birmuncha chopgan, chunki ularda o‘lim to‘rtdan bir holatdagina yuz bergan.

Shifokorlar kasallik katta ehtimol bilan havo-tomchi yo‘li orqali yuqishi, uning qo‘zg‘atuvchisi esa noma’lum virus ekanini ta’kidlashgan. Shuningdek, 1918–1919-yillarda avj olgan “ispan grippi” epidemiyasi kasallikka turtki bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan taxminlar ham ilgari surilgan. Chunki dahshatli grippdan so‘ng zaiflashgan organizm letargik ensefalit nomini olgan yangi yuqumli xastalik uchun oson o‘ljaga aylanishi mumkin edi.

Uyqu kasalligi dunyo bo‘ylab tarqalgan

Epidemiya oqibatida jami 1,6 millionga yaqin inson halok bo‘lgan, bu barcha kasallanganlarning uchdan bir qismini tashkil qiladi. Ayrim bemorlarni uyg‘otish va hatto ba’zi savollariga javob olishga muvaffaq bo‘lingan bo‘lsa-da, ko‘p hollarda xastalikka chalinganlar umrining oxirigacha harakatsiz va so‘zsiz haykalday qotib qolishgan.

«Ensefalit faqat proletar tabaqalarga xos kasallik emas: unga jamiyatning barcha qatlamlaridan odamlar chalinadi», deb ta’kidlagan edi Moskva universiteti asab kasalliklari kafedrasi professori Mixail Margulis.

Sovet shifokorlari davolash borasida bir necha bor turli tajribalar o‘tkazib ko‘rdilar, sabab-oqibat aloqalarini aniqlashga va profilaktika choralarini ishlab chiqishga urindilar, ammo barcha harakatlar zoye ketdi. 1923-yilning boshlariga kelib, Moskvada yuzga yaqin bemor qayd etilgan bo‘lib, ularning har to‘rtinchisi hayotdan ko‘z yumardi.

Ko‘p o‘tmay, SSSRda letargik ensefalitni o‘rganish bo‘yicha maxsus komissiya tashkil etildi. Klinik kuzatuvlar asosida umumiy tibbiy to‘plamlar nashr etila boshladi. Sovet shifokorlari g‘arblik hamkasblari bilan hamkorlikda ushbu dahshatli xastalikka qarshi kurashishga qanchalik urinmasinlar, baribir barchasi samarasiz bo‘ldi. Shifokorlar odamlarni xuddi boshqa yuqumli kasalliklardagi kabi ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirar edilar, xolos — ularning qo‘lidan bundan boshqa hech qanday yordam kelmasdi…

Epidemiyaning tugashi va uning yana qaytalanish ehtimoli

1925-yilda letargik ensefalitga chalinish holatlari keskin kamaya boshladi. Kasallik o‘zidan keyin ko‘plab savollarni qoldirib, faqat ikki yil o‘tgachgina butunlay g‘oyib bo‘ldi. Olimlarga bu holatning qo‘zg‘atuvchisi nima bo‘lganini va uning yana qayta boshlanish ehtimoli bor-yo‘qligini aniqlash baribir nasib etmadi.

Shunga qaramay, 2014-yilda Qozog‘istonning Oqmola viloyati Kalachi qishlog‘ida alomatlari ensefalitga juda o‘xshash kasallik tarqalishi qayd etildi. Ayrim mahalliy aholi ushbu ko‘ngilsizliklarni ko‘p miqdorda is gazi ajralib chiqishi yoki tashlandiq uran konlari (buloqlari) mavjudligi oqibati deb hisoblasa-da, mutaxassislar bunday qat’iy xulosalar chiqarishga shoshilmadi. Ular o‘tgan asrning 20-yillaridagi epidemiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlikni aniqlay olmagan bo‘lsa-da, uni butunlay inkor ham etmadi.O‘lat xavotiri: Rossiyadagi ayrim kasalxonalarda karantin joriy etildi5-Oktabr, 10:17O‘lat xavotiri: Rossiyadagi ayrim kasalxonalarda karantin joriy etildiIrkutskda 28 yoshli laboratoriya xodimi infeksiyadan vafot etgach, viloyatdagi zavodda niqob taqish boshlandiBatafsil o‘qish

XG

Muallif

Xilola Giyosova

От qwert.uz