Tepki (epidemiyali parotit) kasalligi o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, uni qo‘zg‘atuvchi viruslar havo tomchilari orqali yuqadi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bosh mutaxassisi Xursanoy Jamalova “Daryo” muxbiriga bergan qisqacha intervyusida aytib o‘tdi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Xursanoy Jamalova Foto: «Daryo»

Bolajonlarimiz Milliy taqvimi asosida 1 yoshda va 6 yoshda tepkiga qarshi qizamiq parotit, qizilcha vaksinasi bilan emlanyapti. Bular orasida emlanmagan va bundan bosh tortgan bolalar bor. Ular orasida tepki kasalligi ro‘yxatga olinmoqda.

Epidemiyali parotit yoki tepki, erkaklar bepushtligining sabablaridan biri hisoblanadi. Parotit asab tizimini, quloq oldi, jag‘ osti va so‘lak bezlarini shikastlaydi. Epidemiyali parotit oshqozonosti bezi va bosh miya qobiqlarining yallig‘lanishiga, kamdan kam hollarda — meningoensefalitga olib kelishi mumkin.  Parotit, jinsiy sohada  tez-tez qaytariladigan asoratlari bilan xavflidir:  o‘g‘il bolalar va erkaklar tuxumlarining yallig‘lanishidan aziyat chekadilar, qiz bolalar va ayollar esa – tuxumdonlar shikastlanishidan va bu bepushtlikka sabab bo‘lib qolishi  mumkin.

Quloqosti bezlarining yallig‘lanishi oqibatida u shishib ketadi. Ba’zilar egiz tuqqan ayollarga teptirish kerak deb, irim qilib uni davolamoqchi bo‘ladi. Bu noto‘g‘ri, albatta, shifokorga murojaat qilish kerak, — deydi Xursanoy Jamalova.

Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, ko‘plab ota-onalar tepki viruslari organizmga tushganidan keyin bu bepushtlikka olib kelishini bilmaydi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda Milliy profilaktik emlash kalendari joriy etilgan. Hozirgi vaqtda ushbu kalendar bo‘yicha 1 sutkalikdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar belgilangan muddatlarda 13 turdagi vaksinalar bilan emlanadi. Unga muvofiq, yuqumli kasalliklar, jumladan, difteriya, ko‘kyo‘tal, qoqshol, sil, virusli gepatit B, poliomiyelit, qizamiq, qizilcha, epidemik parotit, rotavirus, pnevmokokk, gemofilius inflyuensa tip B (XIB) infeksiyasi, bachadon bo‘yni saratoniga qarshi rejali vaksinatsiya tadbirlari o‘tkaziladi.

От qwert.uz