Leykoz yoki limfomani boshdan kechirgan odamlarda keyingi yillarda yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanish ehtimoli sezilarli darajada yuqori bo‘ladi. Olimlar 550 mingdan ortiq bemorlarning ma’lumotlarini tahlil qilib, shunday xulosaga kelishdi. Tadqiqot natijalari BMC Cancer jurnalida chop etildi.
Manba: «Mail.ru Hi-Tech».

Mualliflar leykoz, Xojkin limfomasi va noxojkin limfomasidan omon qolgan bemorlarga bag‘ishlangan 50 ta tadqiqot natijalarini birlashtirdilar. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, qon saratonini boshdan kechirgandan so‘ng yurak-qon tomir kasalliklari xavfi sezilarli darajada yuqori bo‘lgan. Xususan, yurakning ishemik kasalligi rivojlanish ehtimoli 46 foizga, insult — uch barobardan ko‘proqqa, yurak yetishmovchilagi esa to‘rt barobardan ko‘proqqa oshgan.
Bundan tashqari, tadqiqotchilar o‘smaga qarshi davolash turi ham keyingi xavflarga ta’sir qilishini aniqlashdi. Nur terapiyasidan o‘tgan bemorlarda yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanish ehtimoli faqat kimyoterapiya olganlarga qaraganda deyarli ikki barobar yuqori bo‘lib chiqdi.
Mualliflarning so‘zlariga ko‘ra, natijalar qon saratonini boshdan kechirgan odamlarni uzoq vaqt davomida kuzatib borish zarurligini ko‘rsatadi. Yurak holatini muntazam nazorat qilib borish, o‘z vaqtida profilaktika qilish va xavf omillarini to‘g‘rilash kelajakda xavfli yurak-qon tomir asoratlari rivojlanish ehtimolini kamaytirishga yordam beradi.
