Tanaffussiz 30 daqiqadan ko‘proq o‘tirish xavfli bo‘lishi mumkin.
Manba: «Mail.ru Hi-Tech».

Hi-Tech Mail muharriri

Tanaffuslarsiz uzoq vaqt o‘tirish onkologik kasalliklardan o‘lim xavfining ortishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. UK Biobank loyihasining 91 mingdan ortiq ishtirokchisini 12 yil davomida kuzatgan olimlar shunday xulosaga kelishdi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, har kuni tanaffussiz 30 daqiqadan ko‘proq o‘tirgan yoki yotgan holatda bo‘lgan odamlarda saratondan o‘lim xavfi yuqoriroq bo‘lgan. Shu bilan birga, bunday uzluksiz harakatsizlikning har bir qo‘shimcha soati xavfni taxminan 10% ga oshirgan. Shu o‘rinda olimlar jismoniy faollik uchun muntazam tanaffus qilish bu xavfni kamaytirishga qodirligini aniqlashdi. Hatto har yarim soatda qisqa sayr qilish yoki yengil chizilish (badantarbiya) ham salomatlikka foyda keltirishi mumkin.
Tadqiqot rahbari, Glazgo universitetidan doktor Frederik Xoning so‘zlariga ko‘ra, natijalar nafaqat intensiv mashg‘ulotlar, balki kundalik yengil faollik ham kasalliklarning oldini olishda muhim rol o‘ynashini ko‘rsatmoqda. Kelajakda tadqiqotchilar uzoq vaqt o‘tirishga qarshi kurashish bo‘yicha shaxsiylashtirilgan tavsiyalarni ishlab chiqishga umid qilishmoqda.
PLOS Medicine jurnalida chop etilgan ushbu ish uzoq muddatli kamharakatlikning salomatlikka ta’siriga bag‘ishlangan. Uzoq o‘tirishning yurak-qon tomir kasalliklari va saratonning ba’zi turlari bilan bog‘liqligi ancha vaqtdan beri ma’lum bo‘lsa-da, olimlar nafaqat harakatsiz o‘tkazilgan umumiy vaqt, balki uzluksiz o‘tirish davrlarining davomiyligi ham ahamiyatga egami yoki yo‘qligini aniqlashga qaror qilishdi.
Buning uchun tadqiqotchilar ishtirokchilarning faollik darajasini qayd etuvchi taqiladigan qurilmalar ma’lumotlaridan foydalanishdi. Ma’lum bo‘lishicha, kuniga bir soatlik o‘tirishni yengil jismoniy faollikka — masalan, uy yumushlari yoki shoshilmasdan piyoda yurishga almashtirish saratondan o‘lim xavfining 12% ga kamayishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Agar 30 daqiqalik o‘tirish mo‘tadil tempdagi yarim soatlik sayr bilan almashtirilsa, xavf 8% ga kamaygan. Eng sezilarli samara intensiv jismoniy yuklamada kuzatilgan: atigi besh daqiqalik harakatsizlikni besh daqiqalik faol harakatga almashtirish xavfning 22% ga kamayishi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Mualliflar tadqiqot kuzatuv xarakteriga ega ekanligini ta’kidlashmoqda. Bu shuni anglatadiki, u statistik bog‘liqlikni aniqlaydi, ammo aynan uzoq o‘tirish saratondan o‘lim xavfi ortishiga bevosita sabab bo‘lishini isbotlamaydi. Mustaqil ekspertlar ham olingan natijalar keyingi tadqiqotlarda tasdiqlanishi kerakligini qayd etishmoqda.
