Dunyoda har besh odamdan biri saratonga chalinadi — JSST ogohlantirdi

Manba: X.com

Saratonga qarshi kurashda erishilgan ulkan ilmiy yutuqlar dunyodagi millionlab bemorlar hayotini deyarli o‘zgartirmadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) yangi hisobotiga ko‘ra, odamlar tashxis qo‘yilgandan keyin og‘ir jismoniy, ruhiy va moliyaviy muammolarga duch kelmoqda. Tashkilot kasallik keskin ko‘payishidan ogohlantirdi. Bu haqda The Guaradian xabar berdi.

JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyoda har besh kishidan birida saraton rivojlanadi. Ushbu kasallik Yer yuzi aholisining 92 foiziga ta’sir ko‘rsatadi: ya’ni odamlarning o‘zi yoki ularning yaqin oila a’zolari baribir bu xastalikka yo‘liqadi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

“Yillar davomida saraton haqida faqat ilmiy yutuqlar, yangi texnologiyalar va yangi umidlar haqida gapirildi. Bu gaplar to‘g‘ri, buni aytish kerak. Biroq bu hali hammasi emas”, dedi JSST vakili doktor Andre Ilbavi.

Kompaniya hisobotida aytilishicha, kasallikning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash imkoniyatlarida davlatlar o‘rtasidagi tengsizlik tobora kengayib bormoqda.

Raqamlar va 2050-yil uchun prognoz

Hozirgi vaqtda dunyoda har yili taxminan 20,6 million kishida saraton aniqlanmoqda va 10 million kishi bu kasallikdan vafot etmoqda. 2050-yilga borib esa kasallanish ko‘rsatkichi qariyb 35 millionga yetishi kutilmoqda.

Ta’kidlanishicha, boy va kambag‘al davlatlar o‘rtasidagi farq juda katta. Boy mamlakatlarda ko‘krak saratoni yoki bolalar saratoni bilan og‘rigan bemorlarning 85 foizi kamida besh yil yashaydi. Kambag‘al davlatlarda esa bu ko‘rsatkich 30 foizdan ham past.

Kambag‘al va daromadi o‘rtadan past davlatlarda JSST tomonidan eng zarur deb topilgan 20 ta saratonga qarshi dorilarning faqat 9 foizidan 54 foizigacha qismi mavjud. Boy davlatlarda esa bu ko‘rsatkich 68 foizdan 94 foizgacha yetadi.

Dunyodagi 23 ta davlatda umuman radioterapiya uskunalari yo‘q. Afrika qit’asida (Sahroyi Kabir janubida) kasallikni aniqlash darajasi juda past, biroq o‘lim ko‘rsatkichi haddan tashqari yuqori.

Davolanishni tashlab ketayotgan bemorlar

Dunyo davlatlarining uchdan ikki qismida saratonni davolash bepul tibbiy xizmatlar paketiga kiritilmagan. Davolanish xarajatlari juda qimmatligi sababli ayrim hududlarda bemorlarning 90 foizigacha bo‘lgan qismi shifoxonani tashlab ketishga majbur bo‘lmoqda.

Bemorlar va ularning oilalari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma ko‘pchilik og‘ir moliyaviy inqirozga tushayotganini, ruhiy muammolar ko‘payganini va bemorga qarovchilar qattiq charchayotganini ko‘rsatdi.

Yaxshi xabarlar ham bor

Salbiy holatlardan tashqari, hisobotda ijobiy yutuqlar ham qayd etilgan. Masalan, bachadon bo‘yni saratonini butunlay yo‘q qilishning aniq yo‘li topildi. Shuningdek, dunyoda tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish kamaymoqda. Hozirda ko‘plab davlatlarda saratonga qarshi kurash bo‘yicha milliy rejalar mavjud.

Xalqaro saraton tadqiqotlari agentligi vakili Izabell Soryomataram yana bir muhim ma’lumotni ochiqladi:

“Har 10 ta yangi saraton holatidan 4 tasi biz kurashishni biladigan xavfli omillar bilan bog‘liq. Bularga tamaki chekish, infeksiyalar, alkogol ichish va ortiqcha vazn kiradi”.

JSST ekspertlari xalqaro hamjamiyatni kasallikni shunchaki davolash emas, balki bemorlarga g‘amxo‘rlik qilishni ham birinchi o‘ringa qo‘yishga chaqirdi. Tashkilot hukumatlardan saraton xizmatlarini oldini olishdan tortib, to davolashgacha to‘liq moliyalashtirishni so‘radi. Avvalroq saraton o‘smalarini butunlay yo‘q qiluvchi inyeksiya yaratilgani haqida xabar berilgandi.

author info

Dilafro‘z Mirzayeva

От qwert.uz