
Semizlik bugungi kunda nafaqat tashqi ko‘rinish bilan bog‘liq masala, balki sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘diruvchi surunkali kasallik sifatida baholanmoqda. Mutaxassislarning qayd etishicha, ortiqcha vazn yurak-qon tomir kasalliklari, 2-tur qandli diabet, arterial gipertoniya va boshqa qator xastaliklar rivojlanish xavfini oshirishi mumkin.
— Manba: «Daryo» nashri.
Bu muammo O‘zbekiston uchun ham dolzarb. Mavjud rasmiy baholashlarga ko‘ra, katta yoshli aholining qariyb 50 foizi ortiqcha vaznga ega, har besh nafardan birida esa semizlik kuzatiladi. Bu esa ortiqcha vazn butun jamiyat salomatligiga ta’sir qiluvchi muammoga aylanganini ko‘rsatadi.https://www.youtube.com/embed/xqIYJDAbj-c
Nega semizlik tobora ko‘paymoqda, uni qanday aniqlash mumkin va zamonaviy tibbiyot qanday yondashuvlarni taklif etmoqda? Bu haqda oliy toifali endokrinolog Aziza Yunusova bilan suhbatlashdik.
— So‘nggi yillarda semizlik nega shunchalik dolzarb mavzuga aylandi?
— Buning asosiy sabablaridan biri hayot tarzining o‘zgarishidir. Ilgari insonlar ko‘proq jismoniy mehnat qilgan bo‘lsa, bugun ko‘pchilik kun davomida o‘tirib ishlaydi. Piyoda yurish kamaygan, yuqori kaloriyali mahsulotlar esa kundalik ratsionning bir qismiga aylangan. Stress va uyqu rejimining buzilishi ham vazn ortishiga ta’sir qiluvchi omillar sirasiga kiradi. Semizlikni faqat tashqi ko‘rinish bilan bog‘lash to‘g‘ri emas. U ko‘plab surunkali kasalliklar rivojlanish xavfini oshiruvchi omil hisoblanadi.
— Semizlikni qanday aniqlash mumkin?
— Ko‘pchilik tashqi ko‘rinishiga qarab xulosa qiladi. Aslida esa buning tibbiy mezonlari mavjud. Tana vazni indeksi, bel aylanasi, bemorning umumiy sog‘lig‘i va laborator tekshiruvlar birgalikda baholanadi. Ba’zi hollarda ortiqcha vazn ortida endokrin kasalliklar yoki gormonal o‘zgarishlar ham bo‘lishi mumkin.
— Semizlikni davolashga yondashuv qanday o‘zgardi?
— Bugungi kunda davolash kompleks yondashuvga asoslanadi. Avvalo ovqatlanish odatlari, jismoniy faollik, uyqu rejimi va bemorning umumiy salomatligi baholanadi. Zarurat tug‘ilganda shifokor dori terapiyasini ham tavsiya qilishi mumkin.
Aziza Yunusovaning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda semizlikni davolash bo‘yicha xalqaro klinik tavsiyalar sezilarli darajada yangilandi. Xususan, 2022-yilda bariatrik jarrohlik samarali davolash usullaridan biri sifatida tavsiya etilgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib dori terapiyasi sohasidagi yutuqlar tufayli ko‘plab bemorlarda operatsiyasiz davolash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bugungi kunda esa ishtahani nazorat qilishga yordam beruvchi zamonaviy preparatlar kompleks terapiyaning bir qismi sifatida qo‘llanilmoqda.
— So‘nggi paytlarda semaglutid asosidagi zamonaviy preparatlar haqida ko‘p gapirilmoqda. Ular qanday hollarda qo‘llaniladi?
— Bu preparatlar ayrim bemorlarda kompleks davolashning bir qismi sifatida qo‘llaniladi. Ularning ta’sir mexanizmi organizmdagi GLP-1 gormoni faoliyatiga o‘xshash bo‘lib, to‘yish hissini uzoqroq saqlash va ovqat iste’molini nazorat qilishga yordam beradi. Natijada bemorlarda kaloriya iste’moli kamayib, vazn pasayishiga ko‘maklashishi mumkin. Biroq bunday preparatlar sog‘lom ovqatlanish yoki jismoniy faollikning o‘rnini bosa olmaydi. Ularni qo‘llash zarurati bemorning holatidan kelib chiqib shifokor tomonidan belgilanadi.
— Bunday preparatlarni tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak?
— Eng avvalo, preparat mamlakatda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi va rasmiy ta’minot zanjiri orqali realizatsiya qilinishi muhim. Masalan, O‘zbekistonda semaglutid asosidagi davlat ro‘yxatidan o‘tgan preparatlardan biri “Semaviс Next” hisoblanadi. Biroq bu preparat ham boshqa dori vositalari kabi faqat shifokor tavsiyasi asosida qo‘llanilishi lozim.
— Ijtimoiy tarmoqlarda ozdiruvchi preparatlarni mustaqil qabul qilish holatlari uchrayapti. Bu qanchalik xavfli?
— O‘zicha davolanish tavsiya etilmaydi. Har qanday dori vositasini shifokor tavsiyasisiz qabul qilish nojo‘ya ta’sirlar yoki asoratlarga olib kelishi ehtimolini oshiradi.
— Semizlikni davolashda eng muhim tavsiyangiz qanday?
— Semizlikni davolash uzoq muddatli jarayon hisoblanadi. Barqaror natijaga erishish uchun ovqatlanish odatlarini qayta ko‘rib chiqish, jismoniy faollikni oshirish, uyqu va dam olish rejimiga amal qilish muhim. Zarurat bo‘lsa, shifokor tavsiya qilgan dori terapiyasi ham davolashning bir qismi bo‘lishi mumkin. Eng muhimi, davolash usuli har bir bemor uchun individual tanlanishi kerak.
Endokrinolog Aziza Yunusova bilan semizlikning sabablari, uni davolashning zamonaviy yondashuvlari va bu boradagi dolzarb savollar yuzasidan to‘liq suhbatni quyidagi videoda tomosha qilishingiz mumkin.
