
Manba: “RIA Novosti”
— Manba: «Daryo» nashri.
RUDN universiteti Molekulyar va hujayraviy tibbiyot instituti mutaxassislari, rossiyalik boshqa olimlar hamda xitoyliklar bilan birgalikda standart usullar bilan deyarli davolab bo‘lmaydigan o‘pka saratoni turiga qarshi yangi usulni taklif etdi. Bu haqda universitet matbuot xizmatiga tayanib “RIA Novosti” xabar berdi.
Adenokarsinoma — o‘pkadagi xavfli o‘simtalarning eng ko‘p uchraydigan turidir. Ba’zi bemorlarda gen mutatsiyalari mavjud bo‘lib, bu odatiy davolash usullarini samarasiz qilib qo‘yadi. Shu sababli bunday o‘simtaga ega bemorlar uchun turli davolash usullarini topish va ularni birlashtirish zamonaviy biotibbiyot uchun o‘ta muhim vazifadir.
Eksperiment qanday o‘tkazildi?
Tadqiqotchilar nurlanish terapiyasini PCSK9 ingibitorlari (bu dori vositalari, masalan, diabetni davolash va xolesterinni tushirishda qo‘llanadi) bilan to‘ldirishga qaror qildi. Ular o‘pka saratonining tajovuzkor hujayralaridan maxsus namunalarni yaratdi hamda ularni CRISPR/Cas9 (“molekulyar qaychi”) yordamida o‘zgartirdi.
Shundan so‘ng klonlashtirilgan hujayralarga nurlanish bilan bir vaqtda PCSK9 fermentini bloklaydigan (ingibitsiya qiladigan) dori vositalari bilan ishlov berildi. Tajriba shuni ko‘rsatdiki, gadron terapiyasi va PCSK9 ingibitorlari birgalikda qo‘llanganda saraton hujayralarini standart usullarga qaraganda ancha samaraliroq yo‘q qiladi.
“Gadron terapiyasi bu nurlanish terapiyasi rivojlanishidagi yangi bosqichdir. U bemorning sog‘lom to‘qimalari va a’zolariga tegmagan holda, zararlangan hujayralarni zaryadlangan yadro zarrachalari (protonlar yoki neytronlar) bilan nishonga olib yo‘q qilish imkonini beradi. Bu usul juda kuchli va yuqori aniqlikka ega”, dedi tadqiqot mualliflaridan biri, RUDN universiteti xodimi Alyona Gansova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Obninsk shahridagi Tsyb nomidagi tibbiyot ilmiy-tadqiqot markazi hamkasblari bilan birgalikda mutatsiyaga uchragan hujayralarga neytronlar va protonlar bilan ishlov berilgan. Har ikkala holatda ham birgalikdagi terapiya (nurlanish va ingibitorlar) yaxshi natija ko‘rsatgan.
Tadqiqotga Xitoyning Fudan universiteti professori Suhuy Bao katta hissa qo‘shdi. U PCSK9 fermentini tormozlovchi molekula nurlanish terapiyasining o‘pka saratoni hujayralariga ta’sirini kuchaytira olishi haqidagi g‘oyani ilgari surgan edi.
Gansovaning tushuntirishicha, hozirda olib borilayotgan izlanishlarda tajriba hayvonlarida o‘pka saratoni modellashtirilmoqda. Ushbu tajribalar natijalariga asoslanib, olimlar neytron nurlanishi ta’sirida tirik organizmlarda immun javob mexanizmlari qanday ishga tushishini tasvirlashni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yaqin kelajakda dunyoda har besh odamdan biri saratonga chalinishi haqida ogohlantirgandi.
